«Atletiko» Romeroning transferini e’lon qildi
Madridning «Atletiko» klubi «Tottenxem» himoyachisi Kristian Romeroning transferini rasman e’lon qildi. 28 yoshli argentinalik futbolchi madridliklar bilan 2031 yilning 30 iyuniga qadar mo‘ljallangan shartnoma imzoladi.
Romero 2021 yildan beri «Tottenxem» safida to‘p surib kelayotgan edi. London klubi tarkibida o‘tkazgan 5 mavsumi davomida u 156 ta o‘yinda maydonga tushib, 13 ta gol urgan va 7 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan. 2024/25 yilgi mavsumda argentinalik futbolchi «Tottenxem»ga Yevropa Ligasida g‘olib chiqishga yordam berdi va turnirning eng yaxshi o‘yinchisi deb topildi.
Angliya klubiga o‘tishdan oldin Romero «Belgrano», «Jenoa», «Yuventus» va «Atalanta» jamoalari sharafini himoya qilgan. «Atalanta» safida 2020/21 yilgi mavsumda u A Seriyaning eng yaxshi himoyachisi unvoniga sazovor bo‘lgan edi.
Romero Argentina terma jamoasida 2021 yilning iyun oyida debyut qilgan va shu vaqtgacha 58 ta o‘yin o‘tkazgan. Milliy terma jamoa bilan birgalikda u 2 marta Amerika Kubogi va 1 marta Jahon chempionati g‘olibiga aylangan.
Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, transfer summasi 40 million yevroni tashkil etdi.
Yangilik manbasi – https://stadion.uz/