“U yerda yaqin do‘stim bor” — Asaubayeva Toshkentga safari haqida gapirdi

Qozog‘istonlik mashhur shaxmatchi, uch karra jahon chempioni Bibisora Asaubayeva Instagram sahifasidagi obunachilari bilan muloqot chog‘ida O‘zbekistonga bo‘lgan munosabati va shaxsiy hayoti haqidagi savollarga javob berdi.

O‘zbekistonlik obunachilardan biri sportchiga murojaat qilib: “Toshkentda hech bo‘lganmisiz? O‘zbekistonda muxlislaringiz juda ko‘p, ayniqsa, oxirgi ikki hafta ichida ular yanada ko‘paydi”, deya savol bergan.

Bibisora ushbu savolga javob berar ekan, Toshkent u uchun begona shahar emasligini ta’kidladi:

“Men Toshkentda ko‘p marta bo‘lganman. Oxirgi marta o‘tgan yilning dekabr oyida atigi bir kunga kelgan edim. Shuningdek, mening eng yaqin do‘stim ham Toshkentdan. Aytgancha, taomlaringiz juda-juda mazali!”, deya yozadi sportchi.

Asaubayeva O‘zbekistondagi muxlislari safi rostdan ham kengayib borayotganini tasdiqladi. Sportchining ta’kidlashicha, hozirda ko‘plab ishqibozlar undan Toshkentda qizlar uchun maxsus uchrashuv tashkil etishni so‘rashmoqda. Bibisora esa bu takliflarni ko‘rib chiqayotganini va tez orada muxlislar bilan yuzma-yuz muloqot qilishi mumkinligini bildirdi

Bu savol bejiz emas — aynan so‘nggi haftalarda ijtimoiy tarmoqlarda Bibisora Asaubayeva va o‘zbekistonlik yosh grossmeyster Javohir Sindorov o‘rtasidagi do‘stona muloqotlar mahalliy ishqibozlar e’tiborini tortib, qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘layotgan edi.

Ma’lumot uchun, Bibisora Asaubayeva Kiprda bo‘lgan Nomzodlar turnirida 8 ochko bilan ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Javohir Sindorov esa 10 ochko bilan muddatidan avval g‘oliblikni o‘ziniki qilgan edi.

Manba: daryo.uz

Yangilik manbasi – https://stadion.uz/

Chip Stapleton
Kopirayter