«PSJ» yulduzini yo‘qotdi. Oldinda «Bavariya» bilan o‘yin bor
Fransiya chempionatining (Liga 1) 30-turi doirasida bo‘lib o‘tgan «PSJ» va «Lion» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda parijliklar yarim himoyachisi Vitinya jarohat oldi.
Portugaliya terma jamoasining 26 yoshli a’zosi mehmonlar hujumchisi Endrik bilan kechgan yakkakurashdan so‘ng yerga noqulay yiqilishi oqibatida shikastlangan. Shu sababli futbolchi o‘yinning 39-daqiqasida zaxiraga olindi va uning o‘rniga maydonga Uorren Zair-Emeri tushdi.
Mazkur uchrashuv «Lion»ning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Ta’kidlash joizki, «PSJ» jamoasini oldinda muhim bahs kutmoqda. Joriy yilning 28 aprel kuni parijliklar o‘z maydonida «Bavariya» klubiga qarshi Yevropa Chempionlar Ligasi yarim finalining dastlabki uchrashuvini o‘tkazadi. Vitinyaning ushbu bahsda ishtirok etishi hozircha so‘roq ostida qolmoqda.
Ma’lumot uchun, Vitinya joriy mavsumda Fransiya yuqori divizionining 27 ta o‘yinida maydonga tushib, o‘z hisobiga 1 ta gol va 7 ta golli uzatmani yozdirib qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan.
Yangilik manbasi – https://stadion.uz/