«PSJ» «Yuventus»dan g‘azablandi
«PSJ» hujumchi Randal Kolo-Muanining takroriy ijarasining bekor qilingani uchun «Yuventus»dan g‘azablangan.
26 yoshli fransuz o‘tgan mavsumning ikkinchi yarmida ijara asosida Italiya klubi uchun o‘ynagan edi.
Yozda turinliklar Kolo-Muanini qaytarib olish uchun bir necha urinish qilishdi. Dastlab ular uni sotib olish imkoniyati yoki majburiyati bilan qayta ijaraga olmoqchi bo‘lishdi, keyinchalik esa hech qanday shartlarsiz shunchaki ijaraga olishni xohlashdi.
Natijada, transfer oynasining so‘nggi kunida «Yuve» «Leypsig»dan hujumchi Loi Opendani ijaraga olishni afzal ko‘rdi. Bunday qaror «PSJ» rahbariyatini g‘azablantirdi, ayniqsa parijliklar turinliklar bosh direktori Damyen Komollidan norozi bo‘lishdi, deb xabar bermoqda Football Italia nashri.
«PSJ» shoshilinch ravishda Kolo-Muanini «Tottenxem»ga ijaraga berishga majbur bo‘ldi.
Manbaga ko‘ra, muzokaralar paytida fransuz klubi hujumchini «Yuventus»ga 60 million yevroga majburiy sotib olish sharti bilan ijaraga yuborishni rejalashtirgan, Komolli esa turinliklar Chempionlar ligasiga chiqqan taqdirda 30 million va 10 million yevro bonus evaziga sotib olishni taklif qilgan.
Yangilik manbasi – https://stadion.uz/