Ispaniya Superkubogi-2026 musobaqasida qatnashuvchilar va juftliklar aniq bo‘ldi
2026 yilda bo‘lib o‘tadigan Ispaniya Superkubogi musobaqasida qatnashadigan barcha jamoalar va yarim final juftliklari ma’lum bo‘ldi.
Musobaqada to‘rt jamoa ishtirok etadi: Kataloniyaning «Barselona»si, Madridning «Real» va «Atletiko» jamoalari hamda Bilbao shahrining «Atletik» klubi.
Ma’lumki, Superkubokning standart formatiga ko‘ra, Ispaniya chempionatining ikki yetakchi jamoasi va mamlakat Kubogi finalchilari ishtirok etadi. Biroq bu yil «Barselona» va «Real» La Liganing birinchi va ikkinchi o‘rinlarini egallagan hamda Kubok finalida o‘ynagani sababli, Superkubokda liganing uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarini egallagan jamoalar — «Atletiko» va «Atletik» ishtirok etadi.
Jurnalist Mister Chip’ning ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum qilishicha, yarim finalning birinchi uchrashuvida Madridning ikki jamoasi — «Real» va «Atletiko» to‘qnash keladi. Ikkinchi yarim finalda esa «Barselona» va Bilbaoning «Atletik» jamoasi o‘zaro bahs olib boradi.
Eslatib o‘tamiz, musobaqa 2026 yilning yanvar oyida bo‘lib o‘tadi. 2022 yildan beri Ispaniya Superkubogi Saudiya Arabistonida o‘tkazib kelinmoqda. Mazkur musobaqaning amaldagi g‘olibi — «Barselona» bo‘lib, u finalda «Real»ni 5:2 hisobida mag‘lub etgan edi.
Manba: championat.com
Yangilik manbasi – https://stadion.uz/