“Liverpul” klubi kamyob kasallikka uchragan muxlisiga “syurpriz” uyushtirdi
Harri Uaytxerst kam uchraydigan genetik kasallik bo‘lgan Uilyams sindromi bilan tug‘ilgan. Uilyams sindromi bo‘lgan odamlar jismoniy va intellektual rivojlanishda tengdoshlaridan orqada qoladi. Ular diqqatni jamlash va ishlarni bajarish tartibida qiyinchiliklarga duch keladi.
Bunday odamlar impulsiv va haddan tashqari xushmuomala bo‘ladi. Uilyams sindromiga ega bo‘lgan bolalarda genlarning yo‘qolishi tufayli turli kasalliklar rivojlanadi, jumladan, ortopedik muammolar va yurak nuqsonlari yuzaga keladi.
Harri endigina olti haftalik bo‘lganida birinchi operasiyani o‘tkazdi. Bolaligidan u shifokorlar nazorati ostida bo‘lib, doimo tibbiy yordamga muhtoj. Sevimli jamoasi “Liverpul” unga kayfiyatini ko‘tarishda yordam beradi.
Uaytxerst “qizillar”ning o‘yinlarini faqat kasalxonada bo‘lgan paytdagina o‘tkazib yuboradi. Harri o‘zini yaxshi his qilganda, uni “Enfild”ning muxlislar tribunasida uchratish mumkin. U yerda u muxlislarga bayroqlarni hilpiratishda yordam beradi va bu stadionni o‘z uyi deb biladi:
«O‘yin kunlari men uchun juda katta ahamiyatga ega. Men olti yoshimdan beri o‘yinlarga qatnayman, “Enfild” va muxlislar tribunasi men uchun uyimdek».
Harrining birinchi bor “Liverpul” stadioniga kelishi
Hozir Harri 17 yoshda, “Liverpul” uning hayot hikoyasini bildi va sodiq muxlisi uchun ajoyib syurpriz uyushtirishga qaror qildi. Uaytxerst ba’zan “Enfild” stadioni yaqinidagi kafeda ko‘ngilli bo‘lib ishlaydi. Yomg‘irli kunlarning birida kafega Kertis Jons keldi:
—Tashqari juda sovuq.
Harri peshtaxta yonida edi: “Oh, Xudoyim! Salom!”.
—Salom, do‘stim! Men yeyishga nimadir olish uchun ichkariga kirgandim. Tashqari sovuq men esa ochman. Nima maslahat berasan? Pirog olsammikan. Shoshma, yuzing juda tanish. Biz ilgari uchrashmaganmidik? – so‘radi yarim himoyachi.
“Ha, men klubning xayriya tadbirida ishtirok etganman”, deb javob berdi Harri.
Kertis yigitni o‘zining sevimli muxlisi deb atadi, keyin esa uni hayratda qoldirdi:
— Sening navbatchiliging tugadi. Biz o‘sha ajoyib stadionga boramiz. Sen “Enfild”da bosh qahramon bo‘lasan.
Kertis Harriga bayroq silkitish texnikasini o‘rgatdi
Shundan so‘ng futbolchi “Liverpul” ishqibozini yana hayratda qoldirdi: yigitga muxlislar bilan to‘lgan “Enfild” stadionida penalti tepishni taklif qildi.
Uaytxerst buni chin ko‘ngildan qabul qildi. Ikki kun o‘tib “Liverpul” libosidagi bola sevimli jamoasining arenasida penalti tepdi. Kertis yangi do‘stining zarbasini zavq bilan tomosha qildi.
Uchrashuvdan keyin Kertis futbolkasini Harriga sovg‘a qildi.
Tez orada Harri yana bir operasiyani boshdan kechirishi kerak bo‘ladi, bu esa uni uzoq vaqt davomida “Liverpul” o‘yinlariga borishdan mahrum qiladi. Operasiyadan so‘ng muxlisini qo‘llab-quvvatlash uchun klub yigitni butun oilasi bilan ta’tilga yuboradi.
Manba: daryo.uz
Yangilik manbasi – https://stadion.uz/